730 KUN - страница 13
Stvollari yuqoriga yo‘naltirib qo‘yilgan BMP lar qator qilib shimol tomonga, ya’ni tog‘ yonbag‘ridagi Afg‘oniston hukumati harbiylariga tegishli bo‘lgan ko‘p qavatli turar joy binolariga qaratib qo‘yilgan. Bunga sabab, u tarafdan biror xavf kutilayotganligida emas, balki butunlay tasodifiy holat edi.
Harbiylarda bir yaxshi “odat” bor, hech kim bo‘sh, bekor o‘tirishi mumkin emas. Ya’ni bo‘sh vaqting bo‘ldimi, yo qurolingni tozalaysan, yo mashinangga texnik qarov o‘tkazasan, yo kiyim yuvasan, yoki o‘zingga qaraysan. Xullas, ish ko‘p, hech ham ish topolmasang, uydagilarga xat yozasan…
Shunday “bekorchi” BMP ekipaji texnik qarov o‘tkazayotgan bir paytda, ( bu qanday ro‘y berganini bilmadim) bir juft snaryad o‘z-o‘zidan ketma-ket otilib ketdi: “bum-bum”. Hammamiz “endi nima bo‘ladi?” deb afg‘on harbiylariga tegishli turar joy binolari tomon tikilib qoldik. “Ana, hozir borib tegadi, mana tegadi” degan hadik bilan qarab turibmiz. “Tegsa nima bo‘ladi? Tushunmovchilik bo‘lib ular ham bizga qarab otsa-chi?”– degan o‘y-xayollar barchamizni bezovta qilgani rost. Harqalay, snaryadlar bino ustidan uchib o‘tib, orqa tarafidagi qirlikka tushib portladi.
O‘zi aslida BMP pushkasi stvoli to‘g‘riga tushirilgan holatda turishi kerak, lekin sal avvalroq qaysi bir qism askarlari joylashgan kolonna to‘xtab, mashinalar ketma-ket yig‘ilib turgan joyida pushka o‘z-o‘zidan bir juft snaryad otib qo‘yib, oldingi BMP ning ustida o‘tirgan askarning boshini yulib ketganligi sababli, ehtiyot tariqasida, stvollarni ko‘tarib yurish buyurilgandi. Mana endi xuddi shunday holat ikkinchi marta takrorlanishi, harqalay bu safar betalafot bo‘ldi.
Pushkani otish mexanizmi elektr toki bilan ishlarkan, balki qandaydir nuqsoni bo‘lgandir, qisqa tutashuv bo‘lganda otilib ketgandir yoki kimningdir xatosi bilan yuz bergandir, bilmadim, lekin bu holat mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. U yerda buning uchun vaqt ham, e’tibor ham yetarli bo‘lmagan. Bu holat yuqoridagilarga balki umuman bildirilmagandir, gap-so‘zga qolishlaridan qo‘rqib, yashirilgandir. (Bunaqa holatlar u paytlarda oddiy hol edi-ku!)
Ertasi kuni kechga yaqin yonimga Valeriy Purgin kelib, meni aloqachi bo‘lganligim sabab komandirlar yonida ko‘proq bo‘lishimdan, maxfiy hisoblangan ma’lumotlardan xabardor bo‘lishim mumkinligidan umidvor bo‘lib, bu yerdan Jalolobodga qachon jo‘nab ketishimiz mumkinligini so‘radi.
–Xabarim yo‘q, Valeriy, qachon jo‘nab ketishimiz noma’lum. Bu senga nega kerak bo‘lib qoldi, damingni olib yotaver. Buyruq bo‘lgandan jo‘nayveramiz, – dedim sovuqqonlarcha.
–Ilya, (meni ismimni o‘zlariga o‘ng‘ay qilib o‘zgartirib, shunday deb chaqirishardi) men senga Valentina haqida gapirib bergandim, yodingdami?
–Ha, albatta.
–Uning yoniga borishim kerak. Harbiy gospitalda hamshira bo‘lib ishlaydi.
–Esing joyidami?! Sen jo‘nading ham deylik, ketishing bilan yo‘lga tushishimiz haqida buyruq kelsa-chi, unda qanday qiyin ahvolga tushib qolishingni bilasanmi?
–Bilaman, dezirtirlik hisoblanadi. Lekin ilojim yo‘q, bormasam bo‘lmaydi. Xudo haqqi, yordam ber, Ilya, -dedi ko‘zlari iltijoli boqib.
Valeriy bilan sirdosh edik. U ko‘nglidagini ochiqchasiga gapiradigan,
so‘zamolligi bilan ajralib turadigan, hech narsadan hayiqmaydigan, chapdast yigit edi. O‘zidan yosh jihatdan anchagina katta bo‘lgan Valentina bilan munosabatlarini ko‘p bora so‘zlab bergan, uning xatlarini-da tortinmasdan o‘qib bergandi. Kobulga yo‘li tushdimi, ilojini topib u bilan ko‘rishib ketardi. Ularning bu munosabatlari, sevgi yosh tanlamasligiga yorqin misol edi.