730 KUN - страница 10



O‘n sakkiz- yigirma yoshli, kuch-g‘ayrati ichiga sig‘magan, hatto joni ko‘ziga ko‘rinmagan yigitchalarning ayrimlari uchun zampolitning gaplari bir qulog‘idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketgan, shekilli, payt poylab do‘konni o‘marib kelganlar ham bo‘ldi. Lekin “ko‘za kunda emas, kunida sinadi” degan naql bejiz aytilmagan. Vova degan yigit do‘kon eshigini ochib, ichkariga kirganda ishga tushadigan qilib moslab qo‘yilgan granata portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Shundan keyingina “talonchi”larning sal bo‘lsa ham “popugi” pasayib qoldi.

Sakkiz kun davom etgan amaliyot davomida, har kuni yangi-yangi koordinatalarni qabul qilardim, besh xonali sonlardan iborat bo‘lgan “iks”, “igrek”lar qulog‘im ostida yangrar, hisob-kitoblar yakunida esa to‘pchilarimiz gumburlatib, tog‘ oralatib otishar, “ajal urug‘i”ni tashuvchi snaryadlari qayoqqa borib tushayotganligini, hatto tasavvur ham etishmasdi. Gohida qiziqib raqamlarni xaritaga solib ko‘rardim, ahyon-ahyonda esa bu nuqtalar tog‘lar orasida joylashgan qishloqlar ustida birlashardi. U yerlarda qanday dahshatli voqealar sodir bo‘layotganini tasavvur eta olsamda, lekin haqiqiy holatni bundan keyingi janglarda,razvedkachilar bilan toqqa chiqqanda, ko‘rdim.

Vardak amaliyotidan o‘z jonajon qismimizga qaytgandan so‘nggina men, askarlarning qo‘rqmasdan “men boray, men boray” deb jangga otlanishlarining sababini tushunganday bo‘ldim: qismda qolib janglarga bormaganlarga nisbatan amaliyotga borganlarning “obro‘”si bir pog‘ona balandroq turarkan, shekilli, xo‘jalik ishlariga bizni umuman jalb qilishmasdi. Faqatgina tungi qorovullikka har oqshom tonggacha turardik. Shu sabab nonushtadan so‘ng tushlik vaqtigacha uxlab, undan so‘ng yana tunggi navbatchilikka tayyorgarlikni boshlab yuborardik.

 Janglarga bormaydiganlar esa buni qismat deb qabul qilishgandek doim bizning xizmatimizda bo‘lishardi. “Xizmat” deganda to‘g‘ri tushunasiz deb umid qilaman, ya’ni oziq-ovqat bilan ta’minlash, nonushta, tushlik va kechki ovqatlarni tayyorlash, kazarma va tashqi hududlarni tozalash kabi xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanishardi.

Albatta, kiyim-kechagini hamma o‘zi yuvardi, bu esa birinchi navbatda ularni qaynatishdan boshlanardi. Kiyimlarni      qaynatish nima uchun kerak, deb qiziqayotgan bo‘lsangiz, aytaman: bu, bizning doimiy mehmonlarimiz bo‘lmish- bitlarni o‘ldirish uchun o‘tkaziladigan majburiy tadbir edi. Jang maydonidagi yashash sharoitlarining og‘irligi va u yerlarda sanitariya ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish imkoniyati bo‘lmaganligi sababli askarlar o‘zlari bilan “ergashtirib” kelgan jonivorlar kazarmalarda yaxshi joylashib, moslashib olishgan ediki, bu to‘shaklarda bir kecha tunagan odam borki, biz bilan bir xil holatga tushar edi.

To‘shaklarni ulardan xalos qila olishmaganligi sababli askarlar antiqa usul o‘ylab topishgandiki, unga hammamiz so‘zsiz amal qilardik. Bu usul – oddiygina, to‘shakka kirishdan avval kiyimlarimizning hammasini yechib, onadan tug‘ilganday yalang‘och bo‘lib o‘z joyimizga “sho‘ng‘ib” ketardik. Uxlab turganimizdan so‘ng esa, badanimizni qoqilab, ustimizga ilashib qolganlarini tushirib tashlab, yana kiyimlarimizni kiyib ketaverardik.

Tungi qorovullikdan qaytgandan so‘ng xuddi shu usulda uxlab yotganimizda kazarmamizni tekshirish uchun kelgan general yotoqxonamizga kirib kelgan holatni ko‘z oldingizga keltiring. Hamma charchagan ko‘yi qattiq uyquga ketgan va tabiiyki, kimlarningdir usti ochilib qolgan…