730 KUN - страница 9
Boshqa portlash bo‘lmadi, chang bosilib, atrof ko‘rina boshlagach, qulog‘imga qanaqadir ovozlar elas-elas eshitila boshladi. Ammo bu ovozlar ichidan faqat “mama, mamochka” degan so‘zlargina boshqalariga nisbatan aniqroq va balandroq eshitilardi.
Ust-boshimni qoqqancha o‘rnimdan turdim. Safdoshlarim bezovta, sarosimaga tushib qolishgan, hammasi negadir men tomonga qarab turardi.
–To‘xta, joyingdan qimirlama! –uzoqdan menga berilgan ko‘rsatmani bajarishdan o‘zga ilojim yo‘q edi.
Atrofga alangladim, zambaraklar yonida hech kim ko‘rinmas, ular otishmagani aniq; qiziq, bu nima edi?
Shunda… Yonginamdagi boyagi “qulay joy” o‘rnida hosil bo‘lgan o‘raga ko‘zim tushdi. Undan sal narida qonga belangancha bir askar dodlab yotardi. Uning ahvolini tasvirlashga tilim ojiz…
Nahotki… U askar minaga tushgan bo‘lsa? Menga nima sababdan “ajal og‘zi”dan chiqib kelayotgan odamga qaragandek hayratlanib boqishganini, joyimdan qimirlamaslik haqida ko‘rsatma berishganini va qay vajdan dodlab yotgan askarga yordam berish uchun, uning oldiga kela olmayotganliklarini tushunganday bo‘ldim: men minalashtirilgan maydonning qoq markazida edim!
Sapyorlar kelib atrofni “tozalagan”laridan so‘nggina shok holatida tinchib qolgan yaradorni olib chiqishdi. Piyodalarga qarshi qo‘llanadigan minalar ma’lum bir sxemadan foydalanib, uch donadan qo‘yilarkan. Yigit o‘zimiznikilar ancha yillar oldin qo‘ygan minaga tushgan edi.
Bizga “qo‘nishga” joy ajratgan mutasaddi boshliqlar nahotki shundan bexabar bo‘lishsa? Shunchalik ham loqaydlik, shunchalik ham inson taqdiriga befarqlik bo‘ladimi? Dushmanlar tomonidan yetkazilayotgan talafotlar kammidi?
Minaga tushgan askar sal o‘tmay halok bo‘ldi. Men esa, o‘limga tik borib, bir qadam qolganda burilib, Allohning inoyati ila chap bergandim. Shundan so‘nggina boyagina quloqlarim ostida yangragan so‘zlar ichki ovoz ekanligini angladim va doimo unga quloq solib yurishga odatlandim…
Yo‘q emish yigitga o‘lim, o‘zin tig‘ga tutarmish,
Umr kosang to‘kilmas, to‘lmasa, chil-chil sinmasa.
Peshonada bitilganin inson ko‘rib o‘tarmish,
Ajal ham qochqilar sendan, agar Alloh asrasa.
Bir kecha tunab, ertasi kuni Vardak viloyati tomon yo‘lga tushdik. G‘aznada to‘plangan o‘nlab harbiy qismlar armiya miqyosidagi amaliyotga qatnashish uchun navbati bilan kolonnadan o‘z o‘rnini egallagan.
Biz Kobul – Qandahor yo‘nalishidagi katta yo‘lga chiqib, Kobul tomonga bir soatlar chamasi yurgandan so‘ng chap tarafdagi dara orqali yo‘limizda davom etdik.
Ajoyib manzara: atrof yam-yashil daraxtzor, yo‘lning chap tarafidan suvlarini toshlar uzra sharqiratib kichik daryo oqmoqda, undan naryog‘ida esa tik qoyalar boshlangan, yo‘lning kengaygan qismlarida esa yakka-yakka paxsadan qurilgan uylar uchrab turardi.
Dara kengaygan joydagi qishloqdan o‘tiboq qulay hududda joylashdik. To‘pchilarimiz buyruqdan so‘ng gaubitsalarni jangovar holatga keltirishdi, razvedkachilarimiz o‘ng tarafdagi tog‘ tomon, qoyalar oralab, o‘rmalagancha chiqib ketishdi.
Bu orada zampolit5 qishloqdagi uylarga, savdo do‘konlariga kirmaslikni, bunday holat yuzaga kelgan taqdirda “maradyorstvo” statyasi mavjudligi, o‘zbekchasiga aytganda “talonchilik” qilish mumkin emasligi, bundan tashqari har qaysi uy yoki savdo do‘koni minalashtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirib, boshimizni “qotira” boshladi.
Qishloqda biror tirik jon qolmagan, hammalari o‘z uylarini tashlab, tog‘ tomon qochib ketishgandi. Darchayu eshiklarga katta-kichik yarqiroq qulflar o‘rnatilgan, bu esa talonchilarni qaytarishdan ko‘ra, ko‘proq o‘ziga jalb qilardi.