730 KUN - страница 7



Xayolimdan o‘tgan bu savolga javob topish maqsadida yonimdagi askardan sekingina so‘radimu, uning javobidan yuragim orqaga tortib ketdi.

Minani chuqurroq ko‘mib, ustidan yana qisman tuproq tortib, snaryadning bo‘sh gilzasini to‘nkarib shunday moslashtirib qo‘yisharkanki, endi u besh-oltita mashina o‘tmagunicha portlamas ekan. Har qaysi bosib o‘tgan mashina yarim-bir santimetrdan pasaytirib borib, to‘nkarib qo‘yilgan gilzani portlatgichgacha yaqinlashtirib borar, va nihoyat kimningdir chekiga portlatgichni ishga tushirib yuborish to‘g‘ri kelarkan. Bu birinchi taxmin. Komandir mashinasi portlaganini nazarga oladigan bo‘lsak, ikkinchi taxminni ham ilgari surishimiz mumkin. Chetdan kuzatib turib, komandir mashinasi belgilangan joyga kelishi bilan uzoqdan boshqariladigan mina portlatilgan bo‘lishi ham mumkin. Taxminlar bisyor. Qaysi usulda portlatilganidan qat’iy nazar, oqibati ayanchli. MTLB haydovchisi Yura Samsonov halok bo‘ldi, havoga chumchuqdek ko‘tarilib, yerga qurbaqadek kelib urilgan askarlar esa turli jarohatlar olgan bo‘lishsada, har holda tirik qolishgandi. Shundagina men, nega hamma askarlar jangovar mashinalarning saloniga emas, ustiga chiqib olishganini tushundim. Haydovchi uchun esa tanlash imkoni yo‘q edi!

Yura Samsonov o‘zimizning bo‘linmadan edi. Mendan olti oy oldin afg‘onga kelgan bu yigit og‘ir-vazminligi, boshqalar bilan yaxshi muomalada bo‘lishi bilan, hamda o‘z ishining ustasi-mohir haydovchiligi sabab mening xotiramda qolgan.


Ma’no , mantig‘i yo‘q, besar bu urush,

Kim va nima uchun biz tutdik qurol.

Har qadamda xatar, aqling faromush,

Ko‘ngilda ming bitta javobsiz savol.


Bir soatlar davom etgan to‘xtalishdan so‘ng kolonna yana jildi. Endi avvalgidanda sekin yurayotgan kolonna kun botish arafasida yo‘lning chap tomonidagi keng joyga burilib, jangga hozirlanayotganday bo‘linib-bo‘linib joylasha boshladi.

Biz tunash uchun to‘xtagandik. Vzvod komandiri biz joylashmoqchi bo‘lgan hududni piyodalarga qarshi qo‘llanadigan minalardan tozalash maqsadida “Ural” yuk mashinasini bir oldinga, bir orqaga qilib shunday yurdirtirib chiqdiki, mashina g‘ildiragi bosmagan bir qarich ham bo‘sh joy qolmadi. Shunday qilinganda, piyodalarga qarshi mina, mabodo bo‘lsa, hech kimga ziyoni tegmasdan portlaydi. Hududni to‘rt burchagiga belgi qo‘ydirgan vzvod komandiri, hammamizga shu chegaradan chiqmaslikni tayinladi.

Endigina joylashib, o‘zimizni “o‘z uyimizdagidek” his qila boshlagandik hamki, havoda nimadir chiyillab biz tomon uchib kelayotgani eshitildi. Bu artilleriya snaryadining havoni kesib uchganda chiqaradigan ovozi edi.

Ellik qadamcha nariga tushgan snaryad portlab oskolkalari tun qorong‘usida shu qadar chiroyli manzara hosil qilib sochilar ediki, unga mahliyo bo‘lib tikilganimcha Toshkentda bayram oqshomlari otiladigan feyerverklar xayolimdan o‘ta boshladi.

Portlash manzarasi xuddi kino tasmasini sekinlashtirib namoyish qilinayotgandek uzoq davom etayotgandi…

–Lojis, … tvoyu mat!– kimdir yelkamga qattiq urib, meni yerga yotqizib oldi, ustimizdan oskolkalar vizillab uchib o‘tgani qulog‘imga elas-elas eshitildi. Meni “so‘kkan” kim ekan, deb o‘girilib qarab, unga minnatdorchilik bildirgan bo‘ldim (albatta so‘kkani uchun emas). U hayotimni saqlab qolgandi.

 -Ti jivoy? Ukrivaysya, tolko nachinaetsya, – degandan so‘nggina esimni yig‘ib oldimu, qurolimni otishga shaylab, o‘zimni yuk mashinasi ostiga “urdim”. Radiostansiyamni ishga tushirib, belgilangan chastotaga qo‘yib, quloq sola boshladim. Bu orada yana ketma-ket snaryadlar uchib kela boshladi.