730 KUN - страница 16
Qoratog‘ deganlari shu bo‘lsa kerakki, yo‘lning avval chap, keyinroq o‘ng tarafidan boshlangan tog‘lar tobora balandlashib borar, ayrim cho‘qqilarning rangi ham qoramtir bo‘lib ko‘rinardi.
“Xudo bersa quliga- chiqarib qo‘yar yo‘liga” deganlaridek, O‘tkir bilan To‘ra ham shu amaliyotga qatnashayotganligini tasodifan bilib qoldim. Lekin bu yirik masshtabli, armiya miqyosidagi amaliyot o‘tkazilayotgan hududdan ularni izlash- somon orasidan igna qidirish bilan barobar edi. Xuddi shu jangda O‘tkir yaralangan, To‘ra esa u yerdan qaytganidan so‘ng o‘tkazilgan amaliyotda minaga tushib bir oyog‘idan ajralganligi haqidagi xabarni esa yetti oydan so‘ng, O‘tkir bilan Gardezda uchrashganimizda uning o‘zidan eshitdim, xolos.
Qoratog‘ tomonga ancha yurganimizdan so‘ng, bir qishloq ko‘zga tashlangach, yalanglikda to‘xtab, joylashishga ham ulgurmasimizdan bizni o‘qqa tutib qolishdi. Qaysi tarafdan otishganini aniqlaymiz deguncha to‘pchilarimizdan ikkitasi yarador bo‘ldi.
Qishloq chetidagi uy tomiga oq bayroq tikilgan, tirik jon ko‘rinmaydi. Qiziq, qaerdan otishyapti ?
–Topdim!, – deya qichqirdi leytenant Monich, – qishloqdan o‘ng tarafdagi “zelyonka”dan!
To‘pchilarimiz o‘zlarini o‘nglab, zambaraklarini otishga shaylab olishlari uchun imkon yaratib berishimiz, ularni to‘sib turishimiz kerak bo‘lardi. BMP lar oldinga o‘tib daraxtzorga o‘q yog‘dira boshladi.
Aloqaga chiqqan “Birinchi” bergan ma’lumotlarni Monichga yetkazdim. Ma’lumotlar bo‘yicha sozlangan to‘p stvollari esa, qishloq tomonga emas, umuman boshqa tarafga yo‘nalgandi.
“Odin dimovim, ogon!”. Uning ortidan esa sal o‘tib, “Zalpom ogon!” buyrug‘ini leytenant Monichga yetkazdim. To‘pchilarimizning qo‘li qo‘liga tegmas, atrof chang to‘zon, baqir-chaqir bo‘lib turgan bir paytda, ustimizga snaryadlar tusha boshladi.
Qishloqdagi oq bayroq va daraxtzordagi pistirma bizni chalg‘itish uchun qo‘yilgan bir tuzoq edi. Dushmanlarning asosiy kuchi cho‘qqining narigi tarafida ediki, ular «Katyusha» reaktiv snaryadlari otish qurilmalariga ega edi. To‘g‘ri, ular aynan,o‘sha biz bilgan “Katyusha”lar emas, balki, uning avlodlari edi. Ularning tog‘ sharoitida ishlatish uchun qulay qilib ishlab chiqarilgan yengil turlari mavjud ediki, ularni bir-ikki kishi bemalol joydan-joyga ko‘chirib “ajal urug‘i”ni sochaverishi mumkin edi.
Tezkor harakatlarimiz o‘z natijasini ko‘rsatdi. Biz dushmanning asosiy kuchiga ulardan avvalroq zarba bera oldik.
Uzoq davom etgan otishma tinganidan so‘ng, cho‘qqining narigi tomoniga o‘tib bordik. Reaktiv qurilmalar yakson qilingan, atrofdagi dushman istehkomlari vayron bo‘lgandi. Lekin birorta ham yaralangan yoki halok bo‘lgan dushman jasadini topa olmadik. To‘ntarilib yotgan reaktiv qurilmasidan chetga qarab ketgan simga ko‘zim tushdi. Yonimda turgan Valeriyga imlab uni ko‘rsatdimu, sim yoqalab ehtiyotkorlik bilan atrofni kuzatgancha yura boshladim.
–Shoshilma, Ilya, mina bo‘lishi mumkin, -dedi ortimdan yetib kelgan Valeriy.
– Sim qayoqqacha borganligini bilmasdan ortga qaytishni istaysanmi?– dedim.
–Yo‘q, albatta, har holda ehtiyot bo‘lishimiz kerak.
Ellik-oltmish qadam masofadan so‘ng bir quduqqa duch keldik. Sim uning tubiga tortilgan edi. Quduq anchagina chuqur, tubida suvning jimirlagani aniq ko‘rinib turar edi. Ratsiyadan Monichga chiqib, vaziyatni tushuntirib, quduqqa tushishga ruxsat so‘radim.
–Yo‘q, tezda qaytinglar, tushundingmi?