730 KUN - страница 4



Palatkaga qaytganimizdan so‘ng meni Nosir Rahmonov, Stepanyuk va Ivanov degan bolalar bilan (harbiyda shunaqa, askarlarni familiyasi bilan chaqirishadi, ba’zilarining ismini hozirgacha bilmayman) qo‘shib olib ketishdi. Qism markazidan o‘tib, kechqurun biz uchib kelgan vertolyot yonidan o‘tib shahar tomon yo‘naldik. Bu Gardez shahri edi.

Shaharga kirish yo‘lida, shundoqqina mahalliy aholi uylari yaqinidagi shlagbaumga kelgach, uning chap yonida turgan pastqamgina, paxsadan qurilgan imorat yoniga yetib, mashinadan tushdik.

Qiziq, bu yer harbiylar joylashgan maskanga ham o‘xshamasdi. Uch-to‘rtta har xil yumushlar bilan ovora bo‘lib yurgan navbatchi askarlardan boshqa birov ko‘rinmas, tinchgina, zerikarli joyday bo‘lib ko‘rinardi. Lekin bu aldamchi taassurot edi. Bizni o‘z xonalarimizga joylashtirishdi. “Kazarma” deb ataladigan bu imoratda uchta kichik-kichik yotoqxonalar bo‘lib, har biriga o‘n besh-yigirmatadan karavot joylashtirilgan. Birozdan so‘ng yelkalariga avtomat, pulemyot va granatomyotlar osib olgan bir talay askarlar shovqin-suron bilan kelib qolishdi. Ularning qayoqdan kelishganini ham bilmay qoldim. Ular qurollarini kichkinagina, temir panjarali eshiklar o‘rnatilgan, lekin, hech qachon qulflanmaydigan xonaga kiritib qo‘yishdi-da, yuvinib kelishgach, “Stroitsya, na zavtrak” komandasi berilib, biz ham ularga qo‘shilib, tashqariga yo‘naldik.

Lekin safga hamma ham kelib qo‘shilmadi, ayrimlar o‘z kotelog3ini ko‘tarib, palatkadan qurilgan oshxona tomon o‘z holicha jo‘navorishdi. Ular xizmatni deyarli o‘tab bo‘lgan “ded”lar (harbiyda hamma askarlar orzu qiladigan shunday “martaba”bor) ekanligini tushundim.

Uch kungacha bizga hech kim ortiqcha gap-so‘z qilmadi. Bu, biz yosh askarlar, ya’ni “dux”lar uchun moslashib, ular bilan kirishib ketishimiz uchun berilgan “srok” edi. Shu muddat ichida ichki tartib-qoidalar, o‘zimizga tegishli hududlar bilan tanishib olish imkoniga ega bo‘ldik.

Bu yer men o‘ylagandek zerikarli, tinch joy yemasdi. Aksincha, harbiy qismga kirish-chiqish uchun mo‘ljallangan asosiy yo‘ldagi KPP (nazorat o‘tkazish joyi) va uning yonboshidagi ikkita artilleriya vzvodlariga biriktirilgan, bir yarim kilometrlar uzunlikdagi hudud, pastqam joyda usti niqoblovchi to‘rlar bilan yopilgan garaj, garajning orqasida esa, toki aerodromgacha bo‘lgan oraliqda joylashgan afg‘on harbiylarining hududi birlashgan gavjum maskan edi.

Oshxonamizning orqa tarafida oltmish metrlar kenglikdagi yantoqzor tugagan joydan ensizgina dala yo‘li o‘tgan bo‘lib, yo‘lning narigi tarafida esa tartibsiz holda paxsadan baland qilib qurilgan mahalliy aholi uylari joylashgandi. Keyinroq bizga bildirishlaricha bu yantoqzor –minalashtirilgan maydon ekan.

Artilleriya vzvodlariga biriktirilgan hudud uzunasiga okoplar qazib birlashtirilgan, ma’lum oraliq masofalarda joylashtirilgan D-30 zambaraklari shunday ustomonlik bilan ko‘zdan pana qilingandiki, ularning uzun stvollari tikanaklar orasidan arang ko‘zga tashlanardi. Okopdan narigi tarafdagi katta maydon tikanzor bo‘lib, u ham minalashtirilgan edi. Bu maydondagi minalar gohida o‘z-o‘zidan portlab qolar yoki signal beruvchi minalar ishga tushib qolardi. Buning asosiy sababi esa, aksar hollarda, turli yovvoyi hayvonlar va daydi itlarning hududga adashib kirib qolganliklari bo‘lardi.

Okoplar boshlangan yerdagi kuzatuv punkti shunday qulay joyda o‘rnatilgan ediki, u yerdan shahar kaftdek ko‘rinib turardi. Bu shahar xuddi o‘rta asrlardagi shaharlarga o‘xshab ketar, qadim qurilgan masjid-u obidalari bilan birga inglizlar mustamlakasi davrida bunyod etilgan zamonaviy binolar ham ko‘zga tashlanar, masjidlarda aytilgan azon, shamol janubdan esganda, baralla eshitilib turar, shahar biqinida joylashgan neft burg‘ularidan chiqadigan g‘alati tovushlar esa ahyon-ahyonda eshitilib qolardi.