Allamjonov aybdor - страница 5



4 Laziz Tangriyev – 2017-yil iyuldan 2018-yil noyabrgacha OʻzMAA rahbari boʻlgan.

5 Dilnoza Ziyamuhammedova – 2020-yil iyundan Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining OAV masalalari boʻyicha oʻrinbosari, OAV, televideniye va matbuotni rivojlantirish sektori mudiri.

6 Mahmudjon Zaytayev – «Oʻzbekiston» nashriyot-poligrafiya ijodiy uyi direktorining birinchi oʻrinbosari.


II

Parpiyevning jiyani

2001-yil

Sanʼat institutining birinchi kursida oʻqiyotganimda qarindoshimiz Baxtiyor aka hozirgi MTRKning1 oʻt oʻchirish xizmatida ishlaydigan ogʻaynisi Abdusattor aka bilan kelishib, meni televideniуega amaliyotga joylab qoʻydi. Ota-onam «Darsdan keyin laqillab yurmasin, ishlasin, pul topmasayam, tajriba orttirsin», – derdi. Oʻzim ham telerejissorlik kasbiga qiziqib, haqiqiy televideniуechi boʻlishga tayyor edim.

MTRKga kirish oson emas, bu nihoyatda yopiq tashkilot. Biror lavozimni egallash u yoqda tursin, eng oddiy ishga joylashish uchun ham tanish-bilish kerak edi. Abdusattor akaga rahmat, oddiy bir talabani praktikaga olishga «Davr»2 dasturi tahririyatini koʻndirdi.

Ishga ketayotganimda onam qattiq tayinladilar:

– Komiljon, jon bolam, hech kim bilan urishib-talashib yurma, iltimos, birovga gap qaytarma, «xoʻp-xoʻp» degin, nima ish buyurishsa, darrov aytganlarini qilgin, hammaga foydang tegsin, hammaga yordam bergin, oʻgʻlim…

Xuddi shunday qildim. «Rejissor yordamchisi assistentining yordamchisi» degan sharafli lavozimda hammaga foydali boʻlay, dedim.

– Hoy, bola, somsaga chiqib ke!

– Xoʻp.

– Oʻv, kassetalarni olib chiq.

– Xoʻp.

– Taym-kodini yozib ber.

– Xoʻp boʻladi…

Sekin-sekin ish oʻrgandim, bilim, tajriba orttirdim.

Oʻsha paytda «Davr»ga Furqat Zokirov rahbarlik qilardi. Men uning uchun keraksiz bir matohdek edim. Shuncha ishlab, menga na bir ogʻiz yaxshi gapirgani, na maqtaganini eslayman. Faqat tanbehini, «Ishdan haydayman!» degan poʻpisasini eshitganman. U meni qanchalik yoqtirmasa, men ham oʻsha paytda uni shunchalik yomon koʻrardim. Hammaning oldida meni haqorat qilishi yoki arzimagan xatoyim uchun studiyadan haydab solishi mumkin edi. Hech qachon salomimga alik olmasdi, xuddi bu bilan biror joyi kamayib qoladigandek. Eslasam, haliyam tushunmayman, nahotki bir ogʻiz soʻrashish shunchalik malol kelgan boʻlsa?!

«Davr tongi»ga Sevara Nazarxon sevishganlar kunida konsert bergani haqida kichkina lavha tayyorlab, rosmana baloga qoldim.

– Qanaqa sevishganlar? – chinqirdi u. – Jinnimisan? Sevishganlaring nimasi?! Menga nimani tiqishtiryapsan?

Baqir-chaqiri butun MTRKga eshitildi. Shundan keyin iloji boricha uning koʻziga koʻrinmaslikka harakat qildim. Hech kim tahririyatning qoidalari, siyosatini, umuman, televideniуening yozilmagan qonunlarini oʻrgatmasdi. Lekin ishni xuddi tajribali odamdan soʻragandek talab qilishardi. Alam qiladigani shu edi. Ishimni qoyil qilib bajarishga harakat qilganim sari soʻkish eshitardim. Men oʻzimga boshqacha bir munosabat talab qilmayman. Lekin doʻq-poʻpisa, haqoratni umuman koʻtara olmayman. Gap eshitmaslik uchun hamma ishni astoydil, oʻz vaqtida bajaraman.

Hozirgacha nima ish qilsam, xuddi tepamda Furqat Zokirov aftini burishtirib, «Tahririyatdan haydayman!» deb oʻdagʻaylayotgandek tuyulaveradi. Hamma loyihalarim pishiq-puxta chiqishi shundan boʻlsa kerak.

Furqat Zokirov meni haydab yuborgan «Davr» studiyasining montaj koʻrikxonasi hamda «Davr tongi» dasturi ijodiy guruhi.